1. Developer akkauntlar

Apple Developer Program yillik obuna asosida, Google Play Console bir martalik to‘lov bilan ochiladi. Ilova kompaniya nomida chiqishi kerak bo‘lsa, tashkilot akkauntini oching — bu uchun kompaniya hujjatlari va tekshiruv kerak, shuning uchun buni ishlab chiqish bilan parallel boshlang.

2. Maxfiylik siyosati va ma’lumotlar formasi

Ikkala do‘kon ham ochiq URL’dagi maxfiylik siyosatini talab qiladi. App Store’da «App Privacy», Google Play’da «Data safety» formasida ilova qanday ma’lumot yig‘ishi aniq ko‘rsatiladi va u ilovaning haqiqiy xatti-harakatiga mos bo‘lishi shart — analitika va reklama SDK’lari ham hisobga kiradi.

3. Akkauntni o‘chirish

Ilovada ro‘yxatdan o‘tish bo‘lsa, foydalanuvchi akkauntini ilovaning o‘zidan o‘chira olishi kerak. Google Play bundan tashqari ilovani o‘rnatmasdan o‘chirish so‘rovini yuborish mumkin bo‘lgan veb-sahifa havolasini so‘raydi.

4. Apple bilan kirish

iOS ilovada Google yoki Telegram kabi tashqi xizmat orqali kirish bo‘lsa, Apple maxfiylikka yo‘naltirilgan muqobil kirish usulini talab qiladi — amalda bu Sign in with Apple. Apple identity token’ini o‘z backendingizda tekshirish ishonchli yo‘l.

5. Google Play’da sinov bosqichi

Yangi ochilgan shaxsiy Google Play akkauntlarida ilovani ommaga chiqarishdan oldin yopiq sinovda belgilangan miqdordagi testerlar bilan ma’lum muddat ishlatish talab qilinadi. Bu bosqich muddatni bir necha haftaga cho‘zishi mumkin — rejaga qo‘shing yoki tashkilot akkauntidan foydalaning.

6. Do‘kon sahifasi

  • Ilova nomi, qisqa va to‘liq tavsif — o‘zbek, rus va ingliz tilida.
  • Har bir ekran o‘lchami uchun skrinshotlar: faqat joriy versiyadan.
  • Kategoriya, yosh reytingi anketasi, aloqa uchun elektron pochta.
  • Moderator uchun test akkaunt va izoh, agar kirish talab qilinsa.

7. Relizlarni avtomatlashtiring

Har relizda build raqamini oshirish, imzolash va yuklashni qo‘lda qilish xatoga olib keladi. Biz iOS uchun App Store Connect API orqali, Android uchun Google Play Developer API orqali bitta skript bilan ikkala do‘konga yuklaymiz.

Ko‘p beriladigan savollar

Moderatsiya qancha vaqt oladi?

App Store ko‘pincha 1–2 kun ichida javob beradi, Google Play birinchi relizda uzoqroq tekshirishi mumkin. Rad etilsa, sabab yozib beriladi va tuzatib qayta yuborish mumkin.

Eng ko‘p uchraydigan rad etish sabablari qaysi?

Ishlamaydigan funksiya yoki bo‘sh ekran, moderator kira olmaydigan login, maxfiylik siyosati yoki akkauntni o‘chirish imkoniyatining yo‘qligi va ma’lumotlar formasi ilovaning haqiqiy ishiga mos kelmasligi.