GEO va SEO farqi
SEO qidiruv natijalari ro‘yxatida yuqoriga chiqishga qaratilgan. GEO esa AI javobining ichida tilga olinishga qaratilgan: foydalanuvchi havolani bosmasligi ham mumkin, lekin javobda sizning kompaniyangiz nomi va saytingiz manba sifatida turadi.
Ular bir-biriga zid emas. AI-qidiruvlar ko‘pincha o‘sha qidiruv indekslaridan foydalanadi, shuning uchun texnik SEO GEO’ning poydevori bo‘lib qoladi.
1. AI-crawlerlarga eshikni oching
Ko‘p saytlar bilmasdan AI-botlarni bloklaydi: robots.txt’dagi umumiy taqiq yoki CDN’dagi «AI botlarni bloklash» sozlamasi orqali. Tekshiring:
- robots.txt’da GPTBot, OAI-SearchBot, ClaudeBot, PerplexityBot, Google-Extended uchun taqiq yo‘qligi.
- Cloudflare yoki boshqa CDN bu botlarga 403 qaytarmasligi — buni bot User-Agent bilan so‘rov yuborib tekshirsa bo‘ladi.
- Asosiy matn JavaScript’siz HTML’da bo‘lishi: ko‘p AI-crawlerlar JS’ni bajarmaydi.
2. Savolga birinchi abzatsda javob bering
AI tizimlari sahifani bo‘laklarga bo‘lib, savolga eng aniq javob beradigan qismni oladi. Shuning uchun har bir muhim sahifa boshida 2–4 gapli to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob bo‘lsin, keyin batafsil tushuntirish. Bu maqolaning boshidagi qisqa javob bloki aynan shu maqsadda.
3. Faktlar aniq va tekshiriladigan bo‘lsin
«Ko‘p yillik tajriba» o‘rniga «2014-yildan», «ko‘p ilovalar» o‘rniga «App Store va Google Play’da 18 ta ilova». Raqam, sana, nom va havola bilan yozilgan fakt AI uchun iqtibos keltirishga qulay. Tekshirib bo‘lmaydigan va’dalar esa e’tiborsiz qoladi.
4. Structured data va entity bog‘lanishlari
Schema.org JSON-LD orqali kompaniya (Organization), xizmatlar (Service), savol-javoblar (FAQPage), maqolalar (Article) va muallif (Person) haqida mashina o‘qiy oladigan ma’lumot bering. Kompaniya va asoschi sahifalarini @id orqali bir-biriga bog‘lang — AI tizimlari brendni alohida obyekt sifatida taniydi.
5. llms.txt
llms.txt — sayt ildizidagi oddiy matn fayli: kompaniya nima qilishi va eng muhim sahifalar ro‘yxati. U hali rasmiy standart emas va Google uni ishlatmaydi, lekin ba’zi AI vositalari undan foydalanadi va uni qo‘yish bir soatlik ish.
6. Brendingiz boshqa saytlarda tilga olinsin
AI javoblari ko‘pincha bir nechta manbani solishtiradi. Kompaniya nomi, xizmatlari va shahri katalog, xarita, ijtimoiy tarmoq profillari va hamkorlar saytlarida bir xil yozilgan bo‘lsa, AI unga ko‘proq ishonadi. Google Business Profile, Yandex Biznes va 2GIS kartochkalarini to‘ldiring.
7. Yangilab turing va o‘lchang
Sahifalarda yangilangan sana bo‘lsin, sitemap’dagi lastmod haqiqiy bo‘lsin. Natijani o‘lchash uchun ChatGPT, Gemini va Perplexity’da mijozlaringiz beradigan savollarni muntazam bering va javobda kim tilga olinayotganini yozib boring.
Ko‘p beriladigan savollar
GEO natijasi qachon ko‘rinadi?
AI-qidiruvlar real vaqt qidiruvidan foydalansa, sahifa indeksga tushgach bir necha hafta ichida. Model bilimiga kirish esa ancha uzoq vaqt oladi va boshqa saytlarda brend qanchalik ko‘p tilga olinishiga bog‘liq.
GEO uchun alohida sayt kerakmi?
Yo‘q. Mavjud saytning texnik holati, matn tuzilishi va structured data’si yaxshilanadi.

